Joriy yilning 16-18 mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti – Abu-Dabi shahrida SEUD (“Endometrioz va bachadon kasalliklari xalqaro jamiyati”)ning IX Yillik Kongressi bo‘lib o‘tdi.
Endometrioz va bachadon kasalliklari xalqaro jamiyati (SEUD) an'analariga muvofiq, ushbu yillik Kongressda asosiy e'tibor bu yo’nalishdagi so'nggi yangiliklar va innovatsiyalarga, shuningdek, endometrioz, adenomiyoz, anormal bachadon qon ketishi va bachadonning boshqa xavfli kasalliklari ilmiy munozaralariga qaratildi.
Xalqaro anjumanda Birlashgan Arab Amirliklari, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Italiya, Eron, Hindiston, Tailand va bir qator MDH davlatlaridan tashrif buyurgan yuzdan ortiq tadqiqotchilar, mustaqil tadqiqotchilar, klinik mutaxassislar, jarroh va ginekologlar faol ishtirok etdilar. Ushbu xalqaro tadbirdan asosiy ko’zlangan maqsad esa endometrioz va adenomiyoz, bachadon miomasi, anormal bachadon qon ketishini konservativ davolash bilan bog'liq muammolarni o'rganish va turli jihatlarini muhokama qilishni davom ettirish bo’ldi.
Kongressda, O‘zbekistonni, respublikamizning turli viloyatlaridan qatnashgan 15 nafar mutaxassislardan iborat delegatsiya tamsil etdi. Bevosita “RIAGIATM” DMdan “Oila va nikoh” konsultativ poliklinikasi mudiri t.f.d., prof. Aliyeva D.A. hamda reproduktologiya bo’yicha mutaxassis Mirzayeva Yu.K ushbu xalqaro anjumanga vakil sifatida yuborilib, SEUDning doimiy aʼzoligiga qabul qilindi.
Ushbu 2023 yilda tashkil etilgan Kongress asosiy ma'ruzalar, yalpi majlis, simpoziumlar, taqdimotlar, mutaxassislar ishtirokida amaliy tajriba almashish, jarrohlik bo'yicha jonli debatlar, shuningdek, milliy sessiyalar shaklida tashkil etildi. Bularning barchasi esa, o’z o’rnida, tinglovchilarga endometrioz, bachadon va bachadon bo‘yni kasalliklari bo‘yicha so‘nggi yutuqlaridan boxabar bo’lish va konsensusni mustahkamlashga, jahonga mashhur ilmiy fakultet bilan bahsda faol ishtirok etish imkonini berdi.