Joriy yilning 22-28 oktabr kunlari “RIAGIATM” davlat muassasasi mutaxassisi Karimova L.A. Isroil davlatining Rehovot shahrida joylashgan “Kaplan” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “IVF usulida davolashdagi yutuqlar” mavzusida qisqa muddatli amaliyot o‘tadi.
Ma’lumot uchun: "Kaplan" tibbiyot markazi 1953 yilda o'z ishini boshlagan bo’lib, JCI xalqaro akkreditatsiyasiga ega, Isroilning oltita etakchi ko’ptarmoqli tibbiyot markazlaridan biridir. “Kaplan” klinikasi 535 o'ringa ega bo'lib, shoshilinch tibbiy yordam, ambulator va statsionar davolash xizmatlarini nafaqat mamlakat fuqarolariga, balki Isroilga davolanish uchun kelgan sayyohlarga ham taqdim etib kelmoqda.
O‘quv seminarlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad, tinglovchilarga bugungi kunda bepushtlikni davolashda qo‘llanilayotgan yordamchi reproduktiv texnologiya hamda bu boradagi eng so‘nggi jahon yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berishdan iboratdir.
Ma’ruzalar, ushbu ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Sun’iy urug‘lantirish bo‘limida faoliyat olib borayotgan eng tajribali mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi. Asosiy mavzular bo‘yicha ma’ruzalar, Quddus universiteti talabalariga, shuningdek, Isroilda diplomini tasdiqlashga tayyorgarlik ko’rayotgan xorijlik mutaxassislarga akusherlik va ginekologiya kurslaridan dars beruvchi Doktor Yuval Or tomonidan o’qildi.
O’quv jarayonidagi asosiy e’tibor amaliy qismga qaratilib, tinglovchilar IVFning ilg‘or texnologiyalari bilan bevosita tanishishga muvaffaq bo’ldilar, hamda laboratoriya ishlarida qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar. Amaliyot yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus kursni tamomlaganliklari to‘g‘risida tegishli sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.