Joriy yilning 5-7 oktabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy turizm assotsiatsiyasi hamkorligida, respublikamiz ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, yirik xususiy tibbiyot klinikalari, sanatoriy va sayyohlik kompaniyalari, shuningdek, 15 dan ortiq yaqin va uzoq xorij davlatlaridan tashrif buyurgan sayyohlik tashkilotlari vakillari ishtirokida tibbiy va sog’lomlasdhtirish turizmi bo’yicha I Xalqaro Vorkshop-konferentsiyasi bo’lib o’tdi.
Tadbirdan ko’zlangan asosiy maqsad – mamlakatda davolash va sog'lomlashtirish turizmi yo'nalishini rivojlantirish, respublika aholisi orasida ichki tibbiy turizmni targ‘ib qilish va ommalashtirish, anjuman qatnashchilari bo’lmish xorijlik ishtirokchilarni ushbu yo‘nalishdagi milliy salohiyat bilan tanishtirish, inson salomatligini asrash va har tomonlama mustahkamlash yo‘lida tajriba almashinish va kelgusida o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy turizm assotsiatsiyasi raisi A.Shukurov kirish so‘zi bilan ochib, ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri, mazkur yo‘nalishdagi barcha sa’y-harakatlar aholiga yuqori darajadagi tibbiy xizmatni ko’rsatish, sifatni a’lo darajaga ko’tarib, xalqaro miqyosda raqobat qila oladigan natijalarga erishish ekanligini ta’kidlab o’tdi. Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish uchun esa Turkiya, Isroil, Belarus, Germaniya, Shveytsariya, Janubiy Koreya kabi ilg’or davlatlardagi hamkasblarning tajribalarini muttasil o’rganib borib, respublikamizda zarur chora-tadbirlarning bosqichma-bosqich faoliyatga joriy etishda o’z samarasini beradi deya ta’kidlandi.
Anjuman davomida ishtirokchilar tomonlarning salohiyati bilan atroflicha tanishish, ochiq muloqot tarzida uchrashuvlar o‘tkazish, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish, muammolar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qilish, hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aloqalarni o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Asosiy sessiya yakunida ishtirokchilar uchun “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchi tashkilot va muassasalarga maxsus sertifikatlar topshirilib, ulardan biri “RIAGIATM” davlat muassasasi tomonidan ham qo’lga kiritildi.